Navoiyda Respublika xavfli chiqindilarni utilizatsiya qilish milliy majmuasi barpo etiladi

Loyihaning umumiy qiymati 118 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov “Vision International Investment” kompaniyasi vitse-prezidenti, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi boʻyicha bosh ijrochi direktori Silver Deloneni qabul qildi. Bu haqda “Xalq soʻzi” nashri veb sayti xabar berdi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, Saudiya Arabistonining “Vision International Investment” hamda Fransiyaning “SUEZ International” kompaniyalari bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda xavfli sanoat chiqindilarini qayta ishlash” istiqbolli investitsiya loyihasi doirasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyihani amalga oshirish boʻyicha bitim 2025-yil 11-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Vision International Investment” va “SUEZ International” kompaniyalari oʻrtasida imzolangan.

— Ushbu bitim xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish sohasida istiqbolli loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni nazarda tutadi, — deydi Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari Elbek Gʻafforov. — Loyiha doirasida Oʻzbekistonda xavfli chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha ilk milliy majmua barpo etiladi. Bu, eng avvalo, atrof-muhitga yetkazilayotgan salbiy taʼsirni kamaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga ilgʻor texnologiyalar joriy etilib, yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Eng muhimi, ushbu loyiha orqali respublika sement zavodlari uchun ikkilamchi yoqilgʻi hamda elektr energiyasi ishlab chiqarishga xizmat qiluvchi resurslar yaratiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihaning umumiy qiymati 118 million AQSH dollarini tashkil etadi. Birinchi bosqichda yillik 250 ming tonna xavfli chiqindilarni utilizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Loyihani aynan Navoiy viloyatida joylashtirishga hududda sanoat sektori rivojlangani hamda koʻp miqdorda sanoat chiqindilari hosil boʻlishi asosiy omillardan biri boʻlmoqda. Shu bois majmua sanoat hududlariga, temir yoʻl va muhandislik kommunikatsiya tizimlariga yaqin, yer qaʼri geologik jihatdan cheklovlar mavjud boʻlmagan maydonda joylashtirilishi koʻzda tutilgan. Loyiha uchun kamida 50 gektar, kelgusida kengayish imkoniyatlarini inobatga olgan holda esa 100 gektargacha yer maydoni talab etiladi.

Uchrashuv davomida loyihaning mazkur va boshqa tashkiliy-texnik jihatlari atroflicha muhokama qilindi.