Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi Chorsu bozorida yongʻin boʻlayotgani aytilgan videolar tarqaldi. Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi hodisa yuzasidan maʼlumot berdi.
Bildirilishicha, bugun, 26-yanvar kuni soat 16:04 da Toshkent shahar Shayxontohur tumani Beruniy koʻchasida joylashgan “Chorsu” bozorida doʻkon yonayotgani toʻgʻrisida shahar FVBBga xabar kelib tushgan.
Xabarga koʻra, qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 16:08 da yetib borib, soat 16:20 da yongʻinni qurshab olgan va 16:25 da toʻliq oʻchirgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan-jarohati olganlar yoʻq. Yongʻin tufayli doʻkon yertoʻlasining taxminan 15 kvadrat metr qismi yonib zararlangan.