Xorazm viloyatida oʻq otar qurollarni noqonuniy ravishda saqlash bilan bogʻliq holatlar fosh etildi, deb xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.
Maʼlum qilinishicha, 2026-yilning yanvar oyida Xorazm viloyatining bir qator tumanlarida ichki ishlar organlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida fuqarolar tomonidan ov qurollarini noqonuniy saqlash bilan bogʻliq bir nechta holatlar aniqlangan.
Jumladan, joriy yilning 7-yanvar kuni Gurlan tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan aniqlangan holatda, Gurlan tumani “Moyli” mahallasida yashovchi, 1987-yilda tugʻilgan Ya.X.ning yashash uyi omborxonasida noqonuniy ravishda saqlab kelinayotgan “TOZ” rusumli ov quroli hamda 3 dona otishga yaroqli patron xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, 10-yanvar kuni Yangibozor tumanida qayd etilgan holatda esa tumanning “Bogʻolon” mahallasida istiqomat qiluvchi, 1972-yilda tugʻilgan A.Q.ning yashash uyida noqonuniy ravishda TOZ markali, ikki stvolli, 16 kalibrli ov qurolini saqlab kelayotgani aniqlanib, Yangibozor tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
20-yanvar kuni Hazorasp tumani “Muhamon” mahallasida yashovchi, 1990-yilda tugʻilgan M.J.ning yashash uyi yertoʻla qismi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan. Natijada ushbu shaxs bobosidan qolgan, otish uchun yaroqli boʻlgan “IJ-58” rusumli ov qurolini noqonuniy ravishda saqlab kelayotgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlanishicha, ichki ishlar organlari tomonidan aholi oʻrtasida noqonuniy saqlanayotgan qurol-yarogʻlarni aniqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettiriladi.