Xiva shahrida “Eco-schools Uzbekistan” loyihasi doirasida ekologik taʼlim, sogʻlom turmush tarzi va barqaror ovqatlanish madaniyatini targʻib qilishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbir “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan tashkil etilib, unda ekomaktab oʻquvchilari, pedagoglar, ekspertlar hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi maktab oʻquvchilari, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari hamda maktab oshxonalari va bufet xodimlari uchun ishlab chiqilgan sogʻlom ovqatlanish boʻyicha uslubiy materiallarni taqdim etdi. Ushbu materiallar FAOning “Maktabda ovqatlanish dasturini sinovdan oʻtkazish orqali oziq-ovqat xavfsizligi va sogʻlom ovqatlanishni yaxshilashga koʻmaklashish” texnik hamkorlik loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.
Mazkur loyiha FAO tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Loyiha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, sogʻlom ovqatlanish savodxonligi va ekologik jihatdan masʼuliyatli ovqatlanish odatlarini maktab muhitida targʻib qilishga qaratilgan.
Ushbu loyiha doirasida Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi pilot maktablarda oʻquvchilar, oʻqituvchilar va maktab oshxonalari xodimlari oʻrtasida bazaviy tadqiqotlar oʻtkazildi. Tadqiqot natijalari asosida boshlangʻich sinf oʻqituvchilari va oʻquvchilari uchun taʼlim materiallari, shuningdek maktab oshxonalari va bufet xodimlari uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xivadagi tadbir davomida ushbu materiallarning amaliy qoʻllanilishi namoyish etildi. Oʻqituvchilar va 8-9-sinf oʻquvchilari uchun moslashtirilgan “Sogʻligʻingizni va atrof-muhitni asrash uchun qanday ovqatlanish kerak?” mavzusida trening va 8–10-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Maktabda sogʻlom ovqatlanish: bilimdan amaliyotga” mavzusida interaktiv mini-debatlar tashkil etildi.
Tadbir doirasida bolalar uchun sogʻlom ovqatlanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan amaliy-interaktiv mashgʻulotlar ham oʻtkazildi. Ularda yuqori malakali nutrisiolog-diyetolog Kamilla Bakisheva hamda oshpaz Bahriddin Najmidinov — Chustiy ishtirok etdi. Mashgʻulotlar orqali oʻquvchilar muvozanatli ratsion tuzish, mahsulotlar tarkibiga eʼtibor qaratish, sogʻlom tushlik va kundalik menyuni shakllantirish boʻyicha amaliy bilimlarga ega boʻldi.
Mashgʻulotlar davomida ishtirokchilar oziq-ovqat xavfsizligining asosiy tamoyillari, sogʻlom ovqatlanish asoslari, ovqatlanish va atrof-muhit oʻrtasidagi bogʻliqlik, shuningdek kundalik oziq-ovqat tanlovida ongli va masʼuliyatli yondashuvning ahamiyati bilan tanishdi.
Tadbirda “Zamin” fondi tomonidan ilgari surilayotgan ekologik taʼlim tashabbuslari FAOning maktablarda sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha yondashuvlari bilan uygʻun holda taqdim etildi. Bu bolalarda nafaqat tabiatga masʼuliyatli munosabatni, balki oziq-ovqat xavfsizligi, sogʻlom ovqatlanish va atrof-muhit oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni tushunishni shakllantirishga xizmat qiladi.
FAO tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy materiallar kelgusida umumtaʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan respublika treninglari uchun asos boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda. Ushbu yondashuv bolalar, pedagoglar va maktab oshxonalari xodimlarining sogʻlom, shu bilan birga xavfsiz ovqatlanish boʻyicha bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirishga koʻmak beradi.