Qovun sayli — Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi

Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan goʻzal Xiva har yili oʻnlab xalqaro festivallar, nufuzli anjumanlarga mezbonlik qilmoqda. Ular orasida avgust oyida, pishiqchilik mavsumida oʻtkaziladigan “Qovun sayli” festivali alohida ahamiyatga ega. Respublika Madaniyat vazirligi, Turizm qoʻmitasi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil qilingan ushbu tadbirdan koʻzlangan maqsad yurtimizning gastronomik va agroturizm salohiyatini yuksaltirish, qolaversa, vohada yetishtiriladigan qadimiy qovun navlarini keng targʻib etishga qaratilgandir. Xalqimizning ilmu tafakkuri, boy tajribasi va dehqonchilik madaniyatini oʻzida mujassam etgan ushbu festival yurtimizning goʻzal va betakror bayramiga aylanib bormoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Maʼlumki, Xorazm qovunlari bundan ming yillar oldin vohaning oʻziga xos “brendi”ga aylanib, dunyo ahlining eʼtiborini tortib kelgan. Tarixiy manbalarda Xorazmda qovunning 400 dan ziyod navlari yetishtirilgani haqida maʼlumotlar bor. Mashhur arab sayyohi Ibn Battuta, venger olimi Herman Vamberi va boshqa oʻnlab jahongashta allomalar oʻz asarlarida Xorazm qovunlari haqida toʻxtalib: “Sharqda ham, Gʻarbda ham Xorazm qovunlariga teng keladigani yoʻq. Ular shu darajada shirin va xushboʻyki, tabiat bizga inʼom etgan eng yaxshi neʼmat shudir”, deb taʼriflashgan. Xorazm qovunlarining bunday xushtaʼm va shirin boʻlishining asosiy sababi asrlar davomida mavj urib oqqan Amudaryoning turli minerallarga boy suvi, vohaning oʻziga xos tarkibga ega unumdor tuprogʻi, quyosh tafti va eng asosiysi, mirishkor dehqonlarimizning fidokorona mehnatidir!

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4
Gallery 5

Keyingi oʻn yilda Prezidentimizning tashabbusi bilan Xorazm qovunchilik maktabi dovrugʻini qayta tiklash, vohaning tuproq va iqlim sharoitiga mos, eksportbop navlarini koʻpaytirish borasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Ushbu festivalning koʻrgazma pavilyonlarida namoyish etilgan noyob navlarga mansub qovunlar hamda qovunni qayta ishlash orqali olingan 200 turdan ortiq mahsulotlar bu yoʻnalishdagi izlanishlarning amaliy natijasidir.

Uch kun davom etgan “Qovun sayli” festivali poliz mahsulotlari yetishtiruvchi fermer va dehqonlar uchun oʻziga xos tajriba almashuv, sohadagi yangiliklar, seleksiya natijalari bilan tanishuv maydoni boʻlib xizmat qildi. Festival doirasida poytaxtimizdan va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mashhur estrada yulduzlari ishtirokida konsert dasturlari, badiiy jamoalarning chiqishlari, xalq hunarmandchiligi mahsulotlari va milliy taomlar koʻrgazmalari, teatrlashtirilgan tomoshalar saylga oʻzgacha shukuh, siz aziz ishtirokchilarga va jarayonlarni jonli efirlarda tomosha qilayotgan muxlislarga joʻshqin kayfiyat bagʻishladi.

Festivalning tantanali yopilish marosimida viloyat hokimi Joʻrabek Raximov gʻolib va sovrindorlarni tabriklab, barcha ishtirokchilarga hamda chet ellik mehmonlarga samimiy minnatdorchilik bildirdi. Festival yakuniga koʻra Xiva shahri Gran-pri mukofoti – BYD avtomobili bilan taqdirlandi. Yangiariq tumani 1-oʻrinni egallab Onix avtomobili bilan, viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi 2-oʻrinni qoʻlga kiritib Cobalt avtomobili bilan mukofotlandi. 3-oʻrin va Damas avtomobillari Urganch davlat universiteti, “UzAuto Motors” Xorazm filiali hamda viloyat avtomobil yoʻllari boshqarmasiga nasib etdi.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4
Gallery 5

—Xorazm qovuni bugun nafaqat qishloq xoʻjaligi mahsuloti, balki voha ahlining mehmondoʻstligi, yuksak dehqonchilik madaniyati hamda asriy anʼanalarining yorqin timsoliga aylandi, -deydi Xiva shahri hokimi Temur Davletov. — Dunyoning turli shaharlaridan tashrif buyurgan mehmonlar koʻrgazma pavilyonlariga qoʻyilgan, Xorazm qovunchiligining ramzi boʻlgan gurvak va boshqa navlarga mansub qovunlardan tatib koʻrib, tilimi tilni yoradigan qovunlarimizning mazasiga, betakror taʼmiga xolis baho berishdi. Viloyatimizning turizm salohiyatini yuksaltirishda muhim oʻrin tutadigan bu festival yildan yilga yanada kengroq qamrov kasb etishiga, uning dovrugʻi dunyo boʻylab taralishiga shubha yoʻq. Yurtimizda istiqlol bayrami shodiyonalari allaqachon boshlanib ketgan ayni kunlarda oʻtkazilayotgan mazkur festival “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu gʻoyaning yana bir tasdigʻi va tantanasidir!

Eng quvonarli yangiliklardan biri — “Qovun sayli-2026” festivali eng koʻp qovun tatib koʻrilgan festival sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Ginnes kitobi vakili bu haqdagi sertifikatni viloyat hokimiga tantanali ravishda topshirdi.