Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida Xorazmda oʻrganilgan kambagʻal oilalarda 48 ming nafar bola borligi qayd etildi.
Biroq masʼullarda ushbu yoshlar bilan alohida shugʻullanish va ularni hozirdan kasb-hunarga jalb etish boʻyicha maxsus dastur mavjud emas.
Viloyatning har bir tumanida kamida 1-2 tadan texnikum va 4-5 tadan oʻquv markazi faoliyat yuritayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktab, texnikum va oʻquv markazlarida kambagʻal oilalar farzandlari uchun qoʻshimcha toʻgaraklar tashkil etish vazifasi belgilandi.
Xorazmda kambagʻal oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol bola parvarishi bilan band. Bunday oilalar farzandlarining bogʻcha qamrovi 75 foizga ham yetmasligi koʻrsatib oʻtildi.
646 nafar kollej oʻquvchisi hamda oliygoh talabasining hududdagi yangi loyihalardan kelib chiqib, dual taʼlim asosida kasbiy koʻnikmalarini oshirish imkoniyati bor.
Shuningdek, kambagʻal oilalardagi pensiya yoshidagi va nogironligi boʻlgan 526 nafar insonga ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali parvarish bilan band oila aʼzolariga daromadli mehnat bilan shugʻullanish uchun imkoniyat yaratish mumkinligi taʼkidlandi.