Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “B.P.” MCHJ dorixonasi sotuvchisi N.N. tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan 10 quti “Omnadren 250” nomli dori vositasini fuqaro M.Q.ga 2,8 mln so‘mga shifokor retseptisiz sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Ch.P.” MCHJ dorixonasi sotuvchisi Yu.A. tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan 500 dona “Benzonal” nomli dori vositasini shifokor retseptisiz sotganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.