Raqobat qoʻmitasining hududiy organlari tomonidan kommunal xizmatlar sohasida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ichimlik suvi taʼminotida isteʼmolchilar huquqlariga zid holatlar aniqlandi. Bu haqida qoʻmitaning rasmiy sahifasida xabar berildi.
Maʼlum qilinishicha, Jizzax viloyatida elektr taʼminoti korxonalari tomonidan maishiy isteʼmolchilarga nisbatan rasmiylashtirilgan 8 ta huquqbuzarlik dalolatnomasi qonunchilik talablariga javob bermasligi aniqlangan. Natijada dalolatnomalar bekor qilinib, 5,4 mln soʻm mablagʻ isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.
Shuningdek, Gʻallaorol tumanidagi ayrim mahallalarda ichimlik suvining sifati belgilangan meʼyorlarga javob bermagani aniqlandi. 2026-yil 17-apreldan 5-maygacha yetkazib berilgan 1 238 kub metr suv uchun hisoblangan 4,9 mln soʻm toʻlov 276 nafar isteʼmolchi foydasiga qayta hisoblangan.
Samarqand viloyatida esa fuqaroning murojaati asosida xonadonga hisoblangan 1,3 mln soʻmlik asossiz gaz qarzdorligi qayta hisob-kitob qilingan. Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan tekshiruvlarda suyultirilgan uglevodorod gazini isteʼmolchilarga taqsimlashda tenglik va belgilangan reja-jadvallariga rioya qilinmagani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan “Hududgaztaʼminot” AJ va uning hududiy filialiga moliyaviy jarima qoʻllanib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish boʻyicha majburiy koʻrsatma berilgan.
Namangan viloyatida “Namangan suv taʼminoti” AJ faoliyati oʻrganilganda esa ichimlik va oqova suv tariflarini shakllantirishda qonunchilik talablariga zid ravishda xarajatlar hisobga olingani aniqlangan. Natijada korxona tomonidan 1,4 mlrd soʻmdan ortiq asossiz daromad olingani maʼlum boʻldi. Holat yuzasidan ish qoʻzgʻatilgan.
Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida ichimlik suvi sifati boʻyicha oʻtkazilgan tekshiruvlarda ikki mahalladagi 537 nafar isteʼmolchiga sifatsiz suv yetkazib berilgani va buning uchun 6,2 mln soʻmga yaqin asossiz mablagʻ undirilgani aniqlandi. “Sirdaryo suv taʼminoti” AJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilish boʻyicha majburiy koʻrsatma berilgan.