Raqobat qoʻmitasi tomonidan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibiga rioya etilishi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, aniqlangan holatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga taalluqli.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida “ECO TEKS CLUSTER” MCHJ faoliyati oʻrganilganda, 2023-yil 1-oktyabrdan 2026-yil 31-maygacha boʻlgan davrda paxta tolasi, lint va paxta yogʻi mahsulotlari birja savdolariga belgilangan grafiklar asosida chiqarilmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar orqali sotilgani aniqlangan.
Natijada jami 38 ta qonunbuzilish holati qayd etilgan. Shundan 11 ta holatda paxta tolasining toʻgʻridan-toʻgʻri sotilishi oqibatida birja kotirovkasi va shartnoma narxi oʻrtasidagi farq hisobidan 183,8 mln soʻm asossiz olingan mablagʻ aniqlangan.
Andijon viloyatida “SADAF SOF UNLARI” MCHJning 2025-yil iyul–dekabr hamda 2026-yil yanvar–aprel oylaridagi faoliyati oʻrganilgan. Aniqlanishicha, korxona birja savdolari orqali jami 3 918 tonna bugʻdoy xarid qilgan va undan 2 646 tonna 75 foizlik bugʻdoy uni ishlab chiqargan.
Biroq mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish boʻyicha belgilangan reja toʻliq bajarilmagan. Jumladan, 2025-yil iyul oyida rejaga nisbatan 258 tonna mahsulot kam chiqarilgan. Sentyabrda 840 tonna, oktyabrda 910 tonna va noyabrda 810 tonna mahsulot umuman birja savdolariga qoʻyilmagan. Dekabr oyida esa rejaga nisbatan 570 tonna mahsulot kam chiqarilgan.
Shuningdek, mahsulotlarni belgilangan hajm va muddatlarda savdoga chiqarish, reja-jadvallarga rioya qilish hamda oʻzgarishlar haqida vakolatli organ va birjani oʻz vaqtida xabardor qilish talablari buzilgani qayd etilgan.
Jizzax viloyatida “GROUPTEXTIL” MCHJ faoliyati oʻrganilganda, 2025-yil dekabr oyida ikki holatda jami 1 186 tonna, qiymati qariyb 4,1 mlrd soʻmlik paxta chigiti (texnik) va paxta tolasi mahsulotlari belgilangan muddat va hajmlarda birja savdolariga chiqarilmagani aniqlangan.
Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida “Kasbi tegirmoni” MCHJ tomonidan birja savdolariga chiqarilishi rejalashtirilgan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarning bir qismi belgilangan tartibda savdoga chiqarilmagani aniqlangan.
Raqobat qoʻmitasining maʼlum qilishicha, aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli subyektlarga nisbatan hududiy organlarning Maxsus komissiyalari tomonidan ish qoʻzgʻatilgan. Qonunbuzilishlarni bartaraf etish, asossiz olingan mablagʻlarni qaytarish hamda kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berilgan.