Oʻzbekistonda 2021-2026-yillar davomida oʻtkazilgan nazorat xaridlari natijasida qariyb 2,6 ming turdagi xalq isteʼmoli mahsuloti ekspertizadan oʻtkazildi. Bu haqida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi maʼlumot berdi.
Tekshiruvlar yakuniga koʻra, 482 turdagi mahsulot belgilangan sifat va xavfsizlik talablariga javob bermagani aniqlanib, ishlab chiqaruvchilarga nisbatan tegishli choralar koʻrilgan.
Yillar kesimida eng koʻp nomuvofiqlik 2025-yilda qayd etilgan. Unda tekshirilgan 822 turdagi mahsulotning 201 tasi sifat talablariga javob bermagan. 2026-yilning dastlabki olti oyida esa 394 turdagi mahsulot nazorat xarididan oʻtkazilib, ularning 47 tasida qonunchilik talablari buzilgani aniqlangan.
Tahlillarga koʻra, nazorat xaridlarining asosiy qismi qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari, konservalangan mahsulotlar, yoqilgʻi-moylash materiallari, sut va sut mahsulotlari, osh tuzi, un va un mahsulotlari, shuningdek alkogolli, alkogolsiz hamda energetik ichimliklar hissasiga toʻgʻri kelgan.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida sifat talablariga javob bermagan mahsulotlarni savdo nuqtalaridan qaytarib olish hamda qonunchilikka muvofiq chora koʻrish uchun tegishli materiallar Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasiga yuborilgan.