Oʻzbekiston Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi maktab bozorlarida narxlarning asossiz oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi.
“Bugungi kunda yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrish doirasida respublikamiz hududidagi umumtaʼlim maktablari, dehqon bozorlari va savdo komplekslarida mavsumiy “Maktab bozorlari” tashkil etilgan. Oʻquv yiliga tayyorgarlik koʻrayotgan ota-onalar va oʻquvchilar mazkur mavsumiy savdo nuqtalariga zarur oʻquv-yozuv qurollari, darsliklar, maktab formalari va boshqa oʻquv anjomlarini sifatli hamda hamyonbop narxlarda xarid qilish uchun tashrif buyuradilar. Shu sababli, savdo jarayonlarida isteʼmolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini taʼminlash hamda aholining sifatli va hamyonbop mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini qoʻllab-quvvatlash muhim hisoblanadi”, — deyiladi xabarda.
Idora ota-onalar va oʻquvchilarga xarid qilish jarayonida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va tovar haqidagi boshqa muhim maʼlumotlarga eʼtibor qaratishni tavsiya etdi.
“Tadbirkorlik subyektlariga esa “Maktab bozorlari”da sotilayotgan mahsulotlarning sifati, narxlarning asosliligi, isteʼmolchilarga zarur axborotlarning taqdim etilishi hamda savdo jarayonida isteʼmolchilar huquqlariga rioya etilishi shartligini eslatib oʻtadi”, — deyiladi xabar matnida.
Qoʻmita maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formasi, yozuv-chizuv qurollari va boshqa tovarlar narxini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.
Maktab bozorlarida narxlarning oshirib yuborilishi holatlariga duch kelgan fuqarolar Raqobat qoʻmitasining 1159 yagona ishonch telefoni orqali murojaat qilishlari mumkin.