11
11

Sanoat kooperatsiyasi va qoʻshma investitsiyalar istiqbollari muhokama qilindi

Ikki mamlakat parlamentlarining aʼzolari, davlat organlari, ishbilarmon doiralar, tadbirkorlik birlashmalari vakillari, tadbirkor ayollari ishtirok etgan muhokama davomida Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, oʻzaro manfaatli investitsiya loyihalarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va qoʻshma korxonalar tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuʼba yigʻilishi ishtirokchilari oʻz chiqishlarida ikki mamlakat oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarining mustahkamlanishi barqaror kooperatsiya zanjirlarini shakllantirish, yangi turdagi mahsulotlarni oʻzlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va korxonalarning yangi bozorlarga chiqishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishini taʼkidladi.

Shuningdek, shuʼba yigʻilishida sanoat sohasida hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari, investitsiyalarni jalb qilish, mavjud ishlab chiqarish va mehnat salohiyatidan samarali foydalanish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Ayollarning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtirokini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, yangi ish oʻrinlarini yaratish, kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirish, ayollarning biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ayollarning tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Biznesni rivojlantirish, investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish hamda Oʻzbekiston va Belarus tadbirkorlari oʻrtasida hamkorlikning yangi shakllarini yoʻlga qoʻyish masalalari yuzasidan yigʻilish ishtirokchilari fikr almashdi va amaliy tajriba bilan oʻrtoqlashdi.