11
11

Ohangaronda 3 yoshli bola hasharotlarga qarshi vositadan zaharlanib vafot etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi.

Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi xabariga koʻra, voqea 2026-yil 28-avgust kuni Ohangaron shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 6-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida yuz bergan.

2023-yil 16-iyul kuni tugʻilgan oʻgʻil bola tashkilot oshxonasida turgan hasharotlarga qarshi BSM vositasini ichib qoʻygan. Bola Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilib, unga tibbiy yordam koʻrsatilgan. Shunga qaramasdan, u 2026-yil 30-avgust kuni vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi — kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Jinoyat ishi doirasida bir nafar shaxs gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

Tergov harakatlari har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻtkazilmoqda. Aniqlangan har bir holatga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho berilishi bildirildi.