Toshkent shahri Chilonzor tumanida tunda kafe yongʻin ichida qoldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 22-sentyabr kuni soat 23:23 da Kichik halqa yoʻli koʻchasida joylashgan kafelardan birida yongʻin sodir boʻlayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga koʻra, qutqaruv ekipajlari voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, yongʻinni oʻchirish ishlarini boshlagan. Vaziyat Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.
Yongʻin soat 23:54 da qurshab olingan, soat 00:10 da esa toʻliq oʻchirilgan.
Favqulodda vaziyat oqibatida tan jarohati olganlar haqida maʼlumot kelib tushmagan.
Hozirda yongʻinning kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.