11
11

Toshkentda koʻp kvartirali uylarda Jahon banki mutaxassislari ishtirokida energiya auditi oʻtkaziladi

2026-yil 21-sentyabrdan Toshkent shahrida oʻtgan issiqlik mavsumida belgilangan meʼyoriy talablar darajasida isitilmagan koʻp kvartirali uylarda Jahon banki mutaxassislari koʻmagida kompleks energiya auditi oʻtkaziladi. Bu haqda poytaxt hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 29-iyul kuni Toshkentda koʻp kvartirali uylarning energiya samaradorligini oshirish, issiqlik yoʻqotishlarini kamaytirish hamda aholini barqaror va sifatli issiqlik energiyasi bilan taʼminlash boʻyicha Jahon banki bilan hamkorlikda amaliy ishlar boshlangan. Oʻtkazilgan manzilli oʻrganishlar natijasida energiya auditi oʻtkaziladigan uylar tanlab olingan.

Audit doirasida uylarning texnik va energetik holati, issiqlik yoʻqotish manbalari, tashqi devorlar, tom va yertoʻla qismlari, eshik va derazalar, ichki isitish tizimlari hamda issiqlik energiyasidan foydalanish samaradorligi oʻrganiladi. Shuningdek, zarur instrumental oʻlchovlar amalga oshirilib, issiqlik yoʻqotishlariga sabab boʻlayotgan asosiy omillar aniqlanadi.

Oʻrganishlar natijasida Toshkent shahrida koʻp kvartirali uylarni samarali isitish metodologiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Unda binolarning texnik holati, energiya samaradorligi va issiqlik yoʻqotish darajasi kabi koʻrsatkichlar hisobga olinib, uylarni samarali isitish boʻyicha yagona yondashuvlar belgilanadi.

Mazkur metodologiya koʻp kvartirali uylarni energiya samaradorligi nuqtayi nazaridan baholash, modernizatsiya qilinishi lozim boʻlgan binolarni aniqlash, issiqlik yoʻqotishlarini kamaytirish va energiya tejamkor yechimlarni joriy etish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni belgilashga asos boʻladi. Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanish choralarini belgilashda qoʻllaniladi.