Maʼlumki, joriy yilning iyul oyida mamlakatimizning barcha hududlarida “Yil oʻqituvchisi” tanlovining uchinchi bosqich sinovlari oʻtkazildi. Unda tanlovning ikkinchi bosqich natijalari boʻyicha saralab olingan 416 nafar talabgor pedagog oʻzaro bellashdi.
Mazkur bahslarda nomzodlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyat taqdimoti 20 ball hamda kitobxonligi kitobxonlik boʻyicha test asosida 80 ballik tizim asosida baholangan. Taqdimot hamda test sinovlari yuzasidan baholash natijalaridan norozi boʻlgan nomzodlar murojaatlari apellyatsiya komissiyasi aʼzolari tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, nomzodlarning natijalari oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Tanlovning uchinchi bosqich natijalari pedagoglarning “pedagog.uzedu.uz” platformasidagi shaxsiy kabinetlariga yuborilgan. Tanlov gʻoliblari togʻrisida maʼlumotlar vazirlikning rasmiy kanallari orqali eʼlon qilinadi.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi tegishli qaroriga asosan, har bir tuman (shahar) boʻyicha birinchi oʻrinni egallagan gʻolib pedagoglar bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.