Fargʻonada energiya resurslaridan samarali foydalanishda Germaniya tajribasidan foydalaniladi

Uchrashuvda viloyatdagi korxonalarda energiya resurslaridan samarali foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda zamonaviy raqamli yechimlardan keng foydalanish istiqbollari muhokama qilindi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Muloqot davomida Aleksandr Klepanda “GLOTECH” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan viloyatda amalga oshirilgan ishlar, oʻtkazilgan diagnostika natijalari va aniqlangan energiya tejash salohiyati boʻyicha taqdimot oʻtkazdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, kompaniya mutaxassislari 2025-yil dekabr oyidan buyon Fargʻona viloyatida 50 ga yaqin korxona va tashkilotda oʻrganishlar oʻtkazgan hamda 16 ta obyektda texnik-texnologik diagnostika ishlarini amalga oshirgan.

Taqdimotda oʻrganishlar natijasida korxonalarda energiya isteʼmolini optimallashtirish, mavjud uskunalarni raqamli texnologiyalar asosida diagnostika qilish va onlayn monitoring tizimlarini joriy etish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda birinchi harakatdagi energo-konsalting xizmatini tashkil etish hamda “GLOTECH” kompaniyasining ESKO shartnomalari asosida energiya samarador texnologiyalarga investitsiya kiritish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida viloyatda joylashgan sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda energiya samaradorligini oshirish boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.