Oʻquv yilining ilk kunida Toshkentda avtomobillar oqimi 30 foizga oshdi

2-sentyabr — yangi oʻquv yilining ilk kunida Toshkent koʻchalaridagi transport oqimi 24-avgustdagi odatiy ish kuniga nisbatan 30 foizga oshdi. Shunga qaramay, poytaxt boʻyicha umumiy tirbandlik koʻrsatkichi 6 ball darajasida saqlandi. bu haqda Yoʻl harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu natija YHTEM Vaziyatlar markazi tomonidan transport oqimini real vaqt rejimida monitoring qilish, harakat holatini tahlil etish hamda zaruratga qarab svetofor fazalarini tezkor oʻzgartirish orqali taʼminlangan.

Poytaxtdagi deyarli barcha muhim tartibga solinadigan chorrahalar raqamli tizimga ulangan boʻlib, mutaxassislar yoʻl holati, transport navbatlari va jamoat transporti harakatini doimiy kuzatib boradi.

Tirbandlikka yoʻl-transport hodisasi, nosoz yoki toʻxtab qolgan avtomobil, yoʻl tasmasining yopilishi yoki taʼmirlash ishlari sabab boʻlgan holatlarda maʼlumot tezkor ravishda Toshkent shahar IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlariga yetkaziladi. Zarur hollarda harakatni joyida tartibga solish va yoʻl tasmasini boʻshatish choralari koʻriladi.

Taʼkidlanishicha, yangi oʻquv yili munosabati bilan poytaxtda transport harakati kuchaytirilgan tartibda monitoring qilinmoqda. Keyingi kunlarda taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni toʻliq yoʻlga qoʻyilishi bilan transport yuklamasi yana ortishi mumkin.