Toshkentda yarimmarafon oʻtkazilishi sababli qator koʻchalarda harakat cheklanadi

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan 6-sentyabr kuni poytaxtda “Toshkent xalqaro yarimmarafoni” ommaviy yugurish musobaqasi oʻtkaziladi.

Tadbir ishtirokchilari va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida 2026-yil 6-sentyabr kuni soat 05:00 dan 14:00 gacha poytaxtning ayrim koʻchalarida avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda poytaxt Yoʻl harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Unga koʻra quyidagi koʻchalarda transport vositalari harakati cheklanadi:

  • Islom Karimov koʻchasi — Furqat koʻchasidan Sharaf Rashidov shoh koʻchasigacha;
  • Sharaf Rashidov shoh koʻchasi — Afrosiyob koʻchasidan Islom Karimov koʻchasigacha;
  • Afrosiyob koʻchasi — Islom Karimov koʻchasidan Oybek koʻchasigacha;
  • Oybek koʻchasi — Afrosiyob koʻchasidan Nukus koʻchasigacha;
  • Nukus koʻchasi — Oybek koʻchasidan Abdulla Qodiriy koʻchasigacha;
  • Abdulla Qodiriy koʻchasi — Nukus koʻchasidan Hamidulla Oripov koʻchasigacha;
  • Hamidulla Oripov koʻchasi — Abdulla Qodiriy koʻchasidan Mustaqillik shoh koʻchasigacha;
  • Mustaqillik shoh koʻchasi — Mirzo Ulugʻbek shoh koʻchasidan Amir Temur xiyobonigacha;
  • Amir Temur xiyoboni atrofidagi yoʻllar — Buxoro va Shahrisabz koʻchalarigacha;
  • Alisher Navoiy koʻchasi — Shahrisabz koʻchasidan Furqat koʻchasigacha;
  • Botir Zokirov koʻchasi — Alisher Navoiy koʻchasidan Afrosiyob koʻchasigacha;
  • Oʻqchi koʻchasining Botir Zokirov koʻchasiga tutash qismi.

Ishtirokchilar va tomoshabinlar soni koʻpaygan taqdirda, zaruratga koʻra, mazkur hududlarga tutash ayrim yoʻllarda ham avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklanishi mumkin.

Haydovchilardan safarlarini oldindan rejalashtirish, muqobil yoʻnalishlardan foydalanish, shuningdek, yoʻl belgilari va masʼul xodimlarning koʻrsatmalariga amal qilish soʻraldi.