“Oʻzgidromet” prognozlariga koʻra, Oʻzbekistonda 2026-yilning sentyabr oyida ob-havoning nisbatan quruq va biroz iliq boʻlishi kutilmoqda.
Bildirilishicha, oʻrtacha havo harorati iqlimiy meʼyorga yaqin boʻladi. Kechasi va erta tongda harorat 15-20 daraja boʻlib, yoqimli salqinlik seziladi. Kunduz kunlari esa quyosh nurlari taʼsirida havo 30-35 darajagacha, ayrim kunlarda 37 darajagacha isishi mumkin.
Respublikaning janubiy hududlarida eng issiq kunlarda havo harorati 38-40 darajagacha koʻtarilish ehtimoli mavjud. Oyning ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida nisbatan barqaror harorat foni shakllanishi kutilmoqda. Bu davrda havo harorati kechalari asosan 10-15 daraja, kunduz kunlari esa 25-30 daraja boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Shu bilan birga, ayrim qisqa muddatlarda havo haroratining ham yuqorilash, ham pasayish tomonga oʻzgarib turishi ehtimoldan xoli emas.
Oyning birinchi oʻn kunligida havo asosan kam bulutli boʻlib, qulay harorat fonida quruq ob-havo kuzatilishi kutilmoqda. Oyning ayrim kunlarida, yaʼni oy davomida 1-3 kun qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin. Respublikaning janubiy hududlarida sentyabr oyida yomgʻir yogʻish ehtimoli juda kam.
Respublika hududining katta qismida oylik yogʻingarchilik miqdorining meʼyordan kam boʻlishi, Fargʻona vodiysining ayrim joylarida meʼyor atrofida kuzatilishi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa yogʻingarchilik miqdorining meʼyordan koʻp yoki meʼyor atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Oyning ayrim kunlarida 1–3 kun qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin. Respublikaning janubiy hududlarida esa sentyabr oyida yogʻingarchilik ehtimoli juda kam boʻlishi prognoz qilinmoqda.
“Oʻzgidromet” maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 50-yil ichidagi eng sovuq (meʼyordan 2-3,5 daraja past) sentyabr oylari 1992 va 1994-yillarda qayd etilgan. Eng iliq sentyabr oylari (meʼyordan 1,5-3,5 daraja yuqori) 2013, 2016, 2021, 2022 va 2025-yillarda kuzatilgan. Sentyabr oyida respublika hududining katta qismida mutlaq maksimal havo harorati 37-40 daraja, shimoliy, janubiy va choʻl hududlarining ayrim joylarida esa 41-43 darajani tashkil etadi.