1-oktyabrdan boshlab “Qozogʻiston temir yoʻllari” AJ “Olmaota – Toshkent” yoʻnalishidagi №1/2-sonli xalqaro poyezd tarkibida “Ayollar vagoni” xizmatini yoʻlga qoʻyadi, deb xabar berdi Qozogʻiston Milliy tashuvchisi matbuot xizmati.
“Olmaota – Toshkent xalqaro yoʻnalishi Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida yoʻlovchi tashishni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu yoʻnalishga boʻlgan talab va yoʻlovchilar oqimining ortib borayotganini inobatga olib, unda “Ayollar vagoni”ni yoʻlga qoʻyishga qaror qilindi. Ushbu xizmat ichki temir yoʻl yoʻnalishlarida ham yuqori talabga ega. Xizmat yoʻlga qoʻyilganidan beri “Ayollar vagoni”dan 946 mingdan ortiq yoʻlovchi foydalandi”, — dedi boshqaruv raisi Anuar Ahmetjanov.
“Ayollar vagoni”da kattalar hamrohligida yetti yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalarning ham yurishiga ruxsat beriladi. Bunday vagonlarga chiptalar faqat ayollarga sotiladi, ularga esa faqat ayol kuzatuvchilar xizmat koʻrsatadi.
Chiptalarni temir yoʻl kassalarida kassirga “Ayollar vagoni”ni tanlaganini maʼlum qilgan holda, shuningdek rasmiy saytda onlayn tarzda xarid qilish mumkin.