Toshkentda Ziroat Mirziyoyeva va Mehribon Aliyevaning uchrashuvi boʻlib oʻtdi

Qoʻshma dastur doirasida Birinchi xonimlar Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar. Markaz ekspozitsiyalari Oʻzbekiston hududida shakllangan qadimiy sivilizatsiyalardan tortib, bugungi Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot bosqichigacha boʻlgan tarixiy jarayonlarni yaxlit manzara sifatida namoyon etadi.

Ziroat Mirziyoyeva va Mehribon Aliyeva “Islomgacha boʻlgan sivilizatsiyalar” zali, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bagʻishlangan ekspozitsiyalar hamda “Yangi Oʻzbekiston” zali bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, oliy martabali mehmonlar Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik tarixiy va madaniy aloqalarni aks ettiruvchi muzey eksponatlarini koʻzdan kechirdilar.

Tashrif yakunida Birinchi xonimlar ekspozitsiyaning maʼnaviy va meʼmoriy markazi hisoblangan “Qurʼon zali”ga tashrif buyurdilar. Ushbu zalning eng noyob yodgorligi VII asrga mansub, muqaddas Qurʼonning bizgacha yetib kelgan eng qadimiy qoʻlyozmalaridan biri boʻlmish va YUNESKOning “Jahon xotirasi” xalqaro reyestriga kiritilgan Usmon Musʼhafidir.

Samimiy muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligi eʼtirof etilib, ikki qardosh xalqni mushtarak tarix, boy madaniy anʼanalar va maʼnaviy qadriyatlar chambarchas bogʻlab turishi alohida taʼkidlandi.