Tadbirning asosiy maqsadi mamlakatda milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, sanoat tarmoqlariga ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qiluvchi barqaror infratuzilmani yaratish holatini koʻrib chiqishdan iborat boʻldi.
Ishtirokchilar sanoatni texnologik modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, ilmiy ishlanmalar transferi, raqamli infratuzilmani rivojlantirish va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan sanoatda foydalanish masalalari atroflicha muhokama qildi.
Shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish, maxsus sanoat zonalarini kengaytirish, sanoat korxonalarini barqaror energiya bilan taʼminlash, “yashil” texnologiyalarni joriy etish hamda kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarining innovatsion faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtibor qaratildi.
Muloqot davomida mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, sanoatning raqobatbardoshligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va barqaror infratuzilmani shakllantirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Senatorlar ilmiy ishlanmalarni toʻgʻridan toʻgʻri ishlab chiqarishga integratsiya qilish, hududlarda innovatsion loyihalarni moliyalashtirish uchun jamgʻarmalarini rivojlantirish hamda texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro andozalarga moslashtirish zarurligini taʼkidladilar.
Tadbir yakunida bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda, innovatsion sanoatni rivojlantirish va sohadagi ishlarni yanada samarali tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.