Fargʻonalik yosh geograf xalqaro olimpiada shohsupasida

Xususan, mamlakatimiz terma jamoasi aʼzosi – Fargʻona shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Yahyo Hakimjonov gʻoliblar qatorida shohsupaga koʻtarilib, bronza medaliga sazovor boʻldi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Shu tariqa sayyoramizning 50 ga yaqin mamlakatidan 184 nafar yosh geograf qatnashgan nufuzli musobaqada gʻoliblar yozma test, multimedia sinovi hamda dala amaliyoti mashgʻulotlari boʻyicha aniqlandi. Taʼkidlash oʻrinliki, Xalqaro geografiya ittifoqi (IGU) homiyligida tashkil etiladigan ushbu nufuzli musobaqada 16-19 yosh oraligʻidagi yosh geograflar ishtirok etadi. Xalqaro musobaqa fan olimpiadasiga tenglashtirilgan hamda uning gʻolib va sovrindorlari shu darajada eʼtirof etilishi belgilangan.

Demak, Yahyo Hakimjonov 16-19 yosh toifasida dunyoning eng kuchli uch nafar geografi sirasiga kiritildi. Bu quvonishga arziydigan natija, albatta.

— Yangi oʻquv yilidan Yahyobek 10-sinfda oʻqishini davom ettiradi, — deydi Fargʻona shahridagi Prezident maktabi direktori Obidxon Moʻminov. — U barcha fanlarni aʼlo baholarga oʻqishi bilan tengdoshlari va ustozlar oʻrtasida katta hurmat-eʼtibor qozongan.

Kelajakda bu yilgi bitiruvchimiz Dilafruz Sobirova singari jahon OTMlari reytingida birinchi oʻrinda turuvchi AQSHning Garvard universitetida oʻqishni maqsad qilgan.

Aytish joiz, Yahyobek aslida aniq fanlarga qiziqadi va bu borada nazariy hamda amaliy bilimlarini yildan yilga mustahkamlab borishga muvaffaq boʻlmoqda. Geografiya fanini u shunchaki qiziqishi tufayli oʻrganadi va bunday natijani qoʻlga kiritishi uning barcha fanlar boʻyicha ulkan isteʼdod sohibi ekanligidan dalolat beradi.