Joriy yilning 4-avgust kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi majlisida jinoyat protsessida advokat huquqlarini kengaytirish, prekursorlar muomalasini huquqiy tartibga solish hamda huquqiy axborotni aholiga proaktiv yetkazishga qaratilgan qonunlar muhokama qilindi.
Unda dastlab Oliy sud tomonidan ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksi hamda “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunga taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsipini taʼminlash, shuningdek odil sudlovni amalga oshirishda advokatning rolini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom boʻlganidan keyin himoyachiga besh sutka muddat ichida himoya fikrini taqdim etish huquqi berilmoqda.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga himoya fikrini taqdim etish tartibini belgilaydigan yangi norma kiritilmoqda. Qonun bilan ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi tasdiqlanib, jinoyat ishi prokuror tomonidan sudga yuborilayotganda himoya fikri ham tegishli sudga ilova qilinishi belgilanmoqda.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi sud ishlarini yuritishda himoya tarafining huquqlarini kengaytirishga hamda mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi, xususan, Huquq ustuvorligi indeksining Jinoiy odil sudlov indikatoridagi oʻrnini yaxshilashga xizmat qilishi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.
Shundan soʻng “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga prekursorlarning muomalasiga oid qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik belgilashga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga prekursorlarning muomalasiga oid qoidalarni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilovchi yangi norma kiritilmoqda. Shuningdek, mazkur huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin takroran sodir etilganda Jinoyat kodeksida jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Jinoyat-protsessual hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga ushbu toifadagi ishlarning tegishliligi va ularni koʻrib chiqish vakolatlarini aniq belgilashga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, Qonunning amalga oshirilishi prekursorlarning noqonuniy muomalasining oldini olish, sintetik giyohvandlik vositalari ishlab chiqarilishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa yoshlarning sogʻligʻini muhofaza qilish hamda mamlakatda narkotik vositalar va ularning prekursorlarining qonunga xilof aylanmasiga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Keyingi masala “Huquqiy axborotni proaktiv shaklda yetkazish tizimi joriy etilishi munosabati bilan «Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun boʻldi.
Mazkur Qonun bilan aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda “proaktiv qonunchilik” hamda “aqlli targʻibot” tamoyillari asosida axborotni manzilli va maqsadli yetkazish tizimi huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda.
Vazirlik va idoralar oʻz faoliyat sohasiga oid hujjatlarning mazmun-mohiyatini ijrochilar va aholiga tushuntirish uchun bevosita masʼul etib belgilanmoqda.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar matnlari “Ijro.gov.uz” va “Raqamli mahalla” platformalari orqali bosqichma-bosqich yetkazilishi nazarda tutilmoqda.
Jumladan, raqamli platformalar, mobil ilovalar va sunʼiy intellekt asosidagi interaktiv tizimlar orqali aholiga huquqiy axborot va maslahatlar yetkazish huquqiy targʻibotning yangi usullari sifatida belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Lex.uz bazasida hujjatlar matni bilan tanishish, ulardan elektron nusxalar olish, shuningdek, qidiruv xizmatlaridan hamda tizimga joylashtirilgan qonunchilik hujjatlariga doir rasmiy tushuntirish va rasmiy sharhlardan foydalanish bepul boʻlishi belgilanmoqda.
Muhokamalarda senatorlar ushbu Qonun mamlakatimizda huquqiy axborot siyosatini yangi bosqichga koʻtarish bilan birga, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda innovatsion hamda manzilli yondashuvlarni joriy etish orqali aholining huquqiy savodxonligini yuksaltirishga va oʻz huquq hamda majburiyatlarini toʻgʻri anglashiga xizmat qilishini alohida taʼkidladilar.
Muhokamalar yakunida Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.