Andijon va Qashqadaryoda korrupsion holatlar fosh qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsiyaga oid bir qator noqonuniy holatlarga chek qoʻyildi.

Maʼlum qilinishicha, “Andijon suv taʼminoti” AJning viloyat tumanlaridan biridagi filiali boshligʻi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, mansabdor tanishlari orqali fuqaroning yangi qurilgan xonadoniga oqava suv tarmogʻi tortish uchun ruxsat olish hamda kanalizatsiya nasosini oʻrnatishda yordam berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga u 8,5 ming AQSH dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs soʻralgan pul mablagʻini uchinchi shaxs orqali olayotgan vaqtida ushlandi va uning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyilgan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati OITSga qarshi kurashish markazining tumanlardan biridagi OIV diagnostika laboratoriyasi laboranti 1996-yilda tugʻilgan fuqaroga nisbatan tayinlangan ekspertiza xulosasini mansabdor tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berishni vaʼda qilib, 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Tezkor tadbirning davomida esa laborantdan 2,5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining tuman boʻlimi boshligʻi ham ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.