Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi majlisida Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy maʼruza koʻrib chiqildi.
Muhokama jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi, davlat organlarida ichki nazorat tizimini takomillashtirish, qonunlar ijrosini taʼminlash hamda parlament nazorati natijalari asosiy eʼtibor markazida boʻldi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy hamda institutsional asoslari sezilarli darajada takomillashtirildi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ham korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish, davlat boshqaruvida ochiqlikni kuchaytirish va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Bu yoʻnalishdagi islohotlar xalqaro reytinglarda ham oʻz aksini topmoqda. Jumladan, Transparency International tashkiloti eʼlon qilgan 2025-yil yakunlari boʻyicha Korrupsiyani qabul qilish indeksida Oʻzbekiston 182 davlat orasida 31 ball bilan 124-oʻrinni egalladi.
Shu bilan birga, senatorlar korrupsiyaga qarshi kurashishda hali ham yechimini kutayotgan muammolar mavjudligiga eʼtibor qaratdi. Xususan, tahlillarga koʻra, 2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga eng katta zarar Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida keltirilgan.
Bundan tashqari, sudlanganlarning asosiy qismini esa maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi, sogʻliqni saqlash muassasalari, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari xodimlari tashkil etmoqda. Bu esa aynan fuqarolar eng koʻp murojaat qiladigan sohalarda korrupsiya xavfini kamaytirish boʻyicha qoʻshimcha choralar zarurligini koʻrsatmoqda.
Muhokama davomida ayrim davlat organlarida ichki nazorat tizimi yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagani, nazorat boʻlinmalari xodimlariga oʻz vazifalaridan tashqari qoʻshimcha ishlar yuklatilayotgani ham tanqid qilindi.
Qoʻmita korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish maqsadida bir qator muhim vazifalarni belgiladi. Korrupsiya koʻrsatkichlari oshgan davlat organlari faoliyatini chuqur tahlil qilish va tezkor choralar koʻrish, korrupsiya haqida xabar bergan fuqarolarni ragʻbatlantirish tizimini keng targʻib etish, bu boradagi tartibni aholiga sodda va tushunarli shaklda yetkazish uchun maxsus videoroliklar tayyorlash, davlat organlaridagi ichki nazorat tizimlari faoliyatini kuchaytirish hamda ochiqlik toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish shular jumlasidandir.
Majlisda parlament nazorati doirasida yana bir qator muhim qonunlarning amaliy ijrosi ham tahlil qilindi. Xususan, “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi qonunlarning ijrosi, huquqni qoʻllash amaliyoti va ularga oid qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan oʻtkazilgan monitoring natijalari muhokama qilindi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.