Fargʻona viloyatiga xos boʻlgan “Qoʻqon holvasi” Adliya vazirligi tomonidan geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqida vazirlikning rasmiy Telegram-kanali xabar berildi.
Tarixiy manbalarga koʻra, Qoʻqon shahri qadimdan hunarmandchilik va milliy qandolatchilik rivojlangan maskanlardan biri hisoblanadi. Aynan shu hududda shakllangan Qoʻqon holvasi oʻzining anʼanaviy tayyorlash usuli, taʼmi va sifati bilan nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham eʼtirof etilgan.
Mahsulotning geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi uning nomi va anʼanaviy tayyorlash texnologiyasining huquqiy himoyasini taʼminlaydi, shuningdek, mahsulotning oʻziga xosligi va sifatini saqlashga xizmat qiladi.
“Mazkur roʻyxatga olish Fargʻona viloyatining gastronomik merosini asrash, hududning milliy brendini rivojlantirish hamda uni xalqaro miqyosda keng targʻib etish uchun muhim ahamiyat kasb etadi”, — deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, geografik koʻrsatkich — mahsulotning maʼlum bir hududga mansubligini hamda uning sifati, shuhrati va oʻziga xos xususiyatlari aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy va ijtimoiy-madaniy omillari bilan bogʻliqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Adliya vazirligi tomonidan “Andijon devzira oshi” geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani toʻgʻrisida xabar bergan edik.