Bundan olti yuz yildan ortiq vaqt avval Xitoyning buyuk dengizchisi, Yunnan viloyatida tug‘ilgan Chjen Xe G‘arbiy dengizlarga yetti marotaba dengiz sayohatini amalga oshirgan. Uning floti olti marta Indoneziyaning Yava oroliga yetib borgan.
Jakarta shahrida afsonaviy dengizchi yo‘nalishi bo‘ylab "Chjen Xening do‘stlik elchilari" nomli madaniy tadbirlar turkumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Xitoy va Indoneziyaning siyosiy, ishbilarmonlik, ilmiy hamda madaniy doiralari vakillari, shuningdek, xitoy diasporasi a'zolaridan iborat 160 nafardan ortiq mehmon ishtirok etdi. Tadbir Yunnan viloyati xalq hukumati Matbuot xizmati va Tashqi ishlar idorasi tomonidan tashkil etildi.
Ikki kun davomida o‘ndan ortiq tadbir o‘tkazildi. Ular qatorida Chjen Xening xazina kemasi modeli taqdimoti, madaniy yarmarka va kreativ plakatlar ko‘rgazmasi, "Global sivilizatsiya tashabbusi va Chjen Xe ruhini xalqaro miqyosda targ‘ib etish" mavzusidagi xalqaro seminar, "Do‘stlik elchilari" dasturi doirasida Xitoy va Indoneziya maktab o‘quvchilari hamda yoshlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish marosimi va boshqa tadbirlar bo‘ldi.
Dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Chjen Xe merosi orqali tinchlik, do‘stlik, ochiqlik va o‘zaro hurmat g‘oyalarini targ‘ib qilish, ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar almashinuv va xalq diplomatiyasini rivojlantirishdan iborat.
Xitoyning Indoneziyadagi elchixonasi maslahatchisi Chen U ta'kidlashicha, Xitoy va Indoneziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 76 yil to‘lgan davr mobaynida siyosat, iqtisodiyot, gumanitar aloqalar, dengiz hamkorligi va xavfsizlik kabi beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik izchil rivojlanib kelmoqda. Jakarta–Bandung yuqori tezlikdagi temir yo‘li hamda "Ikki mamlakat — ikki sanoat parki" tashabbusi kabi loyihalar ikki xalq manfaatiga xizmat qilmoqda.
Uning qayd etishicha, Xitoy va Indoneziya Chjen Xe merosidan ilhom olib, tinchlik ruhining davomchilari, amaliy hamkorlikning harakatlantiruvchi kuchi va avlodlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlovchi davlatlarga aylanishi lozim.
Yunnan viloyati Ma'naviy sivilizatsiya boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Ven Lyao Chjen Xe aynan Yunnan zaminida tug‘ilganini va viloyat azaldan Indoneziya bilan yaqin aloqalarni saqlab kelayotganini ta'kidladi. Bugungi kunda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik madaniy va savdo aloqalaridan tizimli, ko‘p bosqichli hamda keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarilib, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, biotibbiyot, toza energetika, ta'lim, madaniyat va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarni ham qamrab olmoqda.
U ikki tomon Chjen Xe ruhini birgalikda rivojlantirib, yangi davrda do‘stlik tarixining navbatdagi sahifasini yozishiga ishonch bildirdi.
Indoneziya turizm vazirining turizm mahsulotlari va tadbirlarni tashkil etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Vinsensius Jemadu Chjen Xe Indoneziya arxipelagida boy tarixiy meros qoldirganini, jumladan, Semarang shahridagi mashhur Sam Po Kong ibodatxonasi bugungi kunda mamlakatning madaniy va turistik salohiyatining muhim qismiga aylanganini ta'kidladi.
Uning fikricha, Chjen Xe yo‘nalishi bilan bog‘liq turizm brendlari ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi almashinuvni yanada kengaytiradi. Shuningdek, 2026-yilda Indoneziya va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha besh yillik harakatlar rejasining yakunlanishi turizm va gumanitar aloqalar rivojiga yangi sur'at bag‘ishlaydi.
Dasturdagi eng muhim voqealardan biri Semarang shahridagi Sam Po Kong ibodatxonasi jamg‘armasiga Yunnan viloyatida tayyorlangan Chjen Xening xazina kemasi modeli sovg‘a qilinishi bo‘ldi.
Mazkur model Kunmin shahrining qadimiy kemalar maketlarini yasash an'anasini davom ettirayotgan ustalar Fu Kunsyan va Van Li tomonidan yaratilgan. Asos sifatida Min sulolasi davridagi kema tanlangan bo‘lib, modelda uchi o‘tkir tub, keng korpus, to‘qqizta suv o‘tkazmaydigan bo‘linma va kema kili kabi o‘ziga xos xususiyatlar aniq aks ettirilgan. Bu esa afsonaviy kemaning ulug‘vorligini kichik hajmda namoyon etish imkonini beradi.
Van Lining so‘zlariga ko‘ra, ushbu model ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik ramziga aylanadi va Chjen Xe ruhining yangi davrda ham o‘z safarini davom ettirishiga xizmat qiladi.
Semarang shahridagi Sam Po Kong ibodatxonasi jamg‘armasi raisi Chjan Chaolunning aytishicha, Markaziy Yava viloyatida joylashgan ibodatxona mahalliy aholi tomonidan Chjen Xe xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan. Buyuk dengizchining ona yurti — Yunnan viloyatidan aynan shunday sovg‘ani qabul qilish ular uchun katta sharafdir. Jamg‘arma ushbu tuhfani Indoneziya va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlikning navbatdagi timsoli sifatida avaylab saqlaydi.
Tadbir doirasida Xitoy va Indoneziya san'atkorlari ishtirokida qo‘shma konsert dasturi ham tashkil etildi. Yunnanlik ijodkorlar "Ipak yo‘li — Janubiy dengizlar: bambuk panjara yonidagi raqs" milliy raqsi hamda Yunnan xalq cholg‘u ansambli chiqishlarini namoyish etdi. Indoneziyalik san'atkorlar esa an'anaviy Nusantara Dance raqsi bilan chiqish qilib, ikki xalqning boy madaniy merosini namoyon etdilar.
Konsert bilan bir vaqtda madaniy yarmarka va kreativ plakatlar ko‘rgazmasi ham faoliyat yuritdi. Mehmonlar dunba qog‘ozini tayyorlash, matolarni an'anaviy bo‘yash san'ati, day xalqining to‘quvchilik an'analari bilan tanishish, shuningdek, Yunnanning mashhur puer choyi va mayda donli qahvasini tatib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ko‘rgazmada xitoylik rassom Chjun Kaytyanning 13 yil davomida yaratgan "Chjen Xening G‘arbiy okeanga sayohatlari" nomli uzun tasviriy asaridan parchalar, shuningdek, "Sun'iy intellekt va Butunjahon merosi: Chjen Xe izlari" tanlovining eng yaxshi 30 ta plakati namoyish etildi.
An'anaviy xitoy rangtasviri bilan zamonaviy sun'iy intellekt texnologiyalarining uyg‘unlashuvi Chjen Xe madaniy merosini yangicha talqinda namoyon etib, klassik estetikani kelajak qarashlari bilan uyg‘unlashtirdi.