Rossiya Davlat Ermitajida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish” jamgʻarmasi hamda Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan “Saroy yotoqxonasini kashf etib: Buxoro amiri saroyi sanʼati” deb nomlangan koʻrgazma ochilmoqda.
— Mazkur tadbirga puxta tayyorgarlik ishlari olib borildi, — deydi Sankt-Peterburg shahrida boʻlib jarayonda faol qatnashgan Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Jamshid Xalilov. — Koʻrgazmaga Temuriylar tarixi, Oʻzbekiston davlat sanʼat, Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi muzeylari hamda muzey – qoʻriqxonamizda mavjud nodir eksponatlar qoʻyildi. Birgina bizning muzeyimizdan 44 ta eksponat saralab olindi. Shuningdek, Rossiya Davlat Ermitaji tomonidan Buxoro amirlarining tilla jigʻasi, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan tilla kamari, qilich va xanjarlar, zardoʻzlik va boshqa hunarmandchilik ashyolari bor.
Koʻrgazma xalq amaliy sanʼati ixlosmandlari, soha mutaxassislari, sayyohlarda katta qiziqish uygʻotishi, shubhasiz. Xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan mazkur koʻrgazma 4-oktyabrgacha davom etadi.