Bizga milliy ruhni uygʻotadigan sanʼat kerak, xalqni ilhomlantiradigan adabiyot kerak – Prezident

«Jamiyatimiz taraqqiyotida juda muhim boʻlgan bir masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Baʼzan bizda milliy ruh yetishmaganday boʻlyapti. Sahna asarlari bor, lekin kuchli taʼsiri yoʻq. Qoʻshiqda ovoz bor, lekin xalqning oʻtkir nafasi sezilmayapti. Kinoda harakat bor, lekin xalqning dardi, gʻururi va xarakteri koʻrinmayapti. Baʼzi asarlarda shakl bor, lekin katta gʻoya yoʻq. Milliy oʻzligimiz va ruhiyatimizni ifodalash uchun ijod va sanʼatdan taʼsirliroq va kuchliroq vosita yoʻq, desam fikrimga qoʻshilasizlar.

Shu bois, bizga milliy ruhni uygʻotadigan sanʼat kerak, xalqni ilhomlantiradigan adabiyot kerak, yoshlarga faxr va iftixor beradigan kino kerak, qalblarni junbishga keltiradigan musiqa kerak, odamning oʻzini anglashga undaydigan teatr kerak», – dedi Prezidentimiz.

Xalqimiz koʻnglida Vatanga muhabbat, millatga sadoqat ruhini uygʻotadigan, katta-katta islohotlarimizni odamlarga yetkazib beradigan qasida, qoʻshiq va romanlar, spektakl va filmlar yaratadigan ijodkorlar koʻpligiga ishonch bildirildi.

Shu bois, har yili mazkur yoʻnalishda ham tanlovlar oʻtkazib boriladi. Gran-pri sohiblarining ijodini yanada qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar ajratiladi.