Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv takomillashtiriladi

Joriy yilning 21-aprel kuni Prezidentning “Madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–150-son qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Madaniyat vazirligi tizimidagi madaniyat markazlari quyidagi shakllarda transformatsiya qilinadi:

• Madaniyat vazirligi tizimidagi madaniyat markazlari faoliyati nomoddiy madaniy merosni targʻib qilish, havaskorlik sanʼatini rivojlantirish, shuningdek, texnologiya, muhandislik, hunarmandchilik va boshqa yangi yoʻnalishlarda yoʻlga qoʻyiladi;

• tuman (shahar) hokimliklari tizimiga oʻtkaziladi;

• xususiy investitsiyalarni jalb etish va (yoki) ilgʻor boshqaruv tajribasini joriy etish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

• resurslardan oqilona foydalanish uchun samarasiz madaniyat markazlari faoliyati maqbullashtiriladi.

2026-yil 1-iyuldan “Tumor” davlat raqs ansambli» davlat muassasasi tashkil etiladi.

Madaniyat boʻlimlari Madaniyat vazirligi tomonidan yuritiladigan reyting natijalari asosida ragʻbatlantiriladi. Bunda:

• reyting 2027-yildan boshlab har yilning yakuni boʻyicha yuritiladi hamda unda madaniy tadbirlarga aholi qamrovi va milliy qadriyatlarni asrash bilan bogʻliq koʻrsatkichlarga ustuvorlik beriladi;

• reytingda eng yuqori oʻrinni egallagan madaniyat boʻlimlari Davlat byudjeti hisobidan ragʻbatlantirib boriladi.