Oʻzbek olimlari Boku shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

Ozarbayjon Respublikasi poytaxti “Boqiy shahar” – Boku 2026-yil 14-15-may kunlari keng miqyosdagi ilmiy tadbirga mezbonlik qildi. Ozarbayjon davlat pedagogika universitetida “Birinchi Turkologiya qurultoyining 100-yilligi: til masalalari” (“I Türkoloji Qurultayın 100 illiyi: Dil məsələləri”) mavzusida boʻlib oʻtgan xalqaro ilmiy konferensiyada Ozarbayjon, Turkiya, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tatariston, Koreya, Rossiyaning Oltoy va Qalmoq oʻlkalari, Ukraina, Moldova, Estoniya, Afgʻoniston kabi davlatlardan filolog va tarixchi olimlar, davlat va jamoat arboblari hamda boshqa ijodkorlar ishtirok etdilar. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Mazkur nufuzli ilmiy anjuman 1926-yilda Bokuda oʻtkazilgan Birinchi Turkologiya qurultoyining tarixiy ahamiyatini qayta anglash, unda koʻtarilgan ilmiy masalalar va ilgari surilgan gʻoyalarni bugungi turkologiya, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, folklorshunoslik, tarix, etnografiya va raqamli gumanitar tadqiqotlar kontekstida tahlil qilishga bagʻishlandi. Konferensiya doirasida “Tilshunoslik va terminologiya”, “Adabiyot va umumiy madaniy meros”, “Tarix va etnografiya”, “Taʼlim va raqamli turkologiya” kabi yoʻnalishlarda shoʻba majlislari tashkil etildi. Ushbu shoʻbalar turkiy xalqlarning umumiy ilmiy-madaniy merosi, til siyosati, terminologiya, alifbo masalalari, adabiy aloqalar, zamonaviy raqamli turkologiya muammolarini qamrab oldi.

Konferensiyaning ochilish marosimida Ozarbayjon ilm-fani va taʼlim tizimi vakillari, universitet rahbarlari, turkologiya sohasining taniqli olimlari ishtirok etdi. Jumladan, Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi prezidenti Isa Habibbeyli, Ozarbayjon Respublikasi fan va taʼlim vaziri Emin Amrullayev, Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti rektori Jafar Jafarov, shuningdek, Turkiya, Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan ilmiy jamoatchilik vakillari nutq soʻzlab, 1-qurultoyda ilgari surilgan masalalar bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagani, aksincha turkiy dunyoning maʼnaviy-tarixiy merosini ijtimoiy va zamonaviy IT fanlari bilan bogʻliqlikda chuqur oʻrganish ehtiyoji ortib borayotganini taʼkidladilar.

Anjumanda Oʻzbekiston olimlari eng faol va keng tarkibli delegatsiyalardan biri sifatida qatnashdi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Namangan davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika universiteti, Andijon davlat universiteti, Andijon davlat pedagogika instituti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Osiyo xalqaro universiteti, Alfraganus universitetidan oʻndan ziyod professor-oʻqituvchilar oʻz ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etdilar. Oʻzbekistonlik olimlarning maʼruzalari turkologiyaning turli yoʻnalishlarini qamrab oldi. Jumladan, professor Raʼno Xoʻjayeva “Xorazmiylar oʻrta asr arab va fors qoʻlyozmalarida” hamda “Mamluklar davrida Misr ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida turkiy omillar”, professor Saodat Muhamedova “Oʻzbek va ozarbayjon tillarida kichraytirish-erkalashni ifodalovchi birliklarning gender xususiyatlari”, dotsent Xurshida Qodirova “Oʻzbek va ozarbayjon tillarining lingvistik xususiyatlari”, professor Abdulhay Sobirov “Globallashuv jarayonlarining turkiy tillarga taʼsiri”, dotsent Moʻminjon Sulaymonov “Hofiz Xorazmiyning Ozarbayjon adabiyotiga munosabati”, dotsent Zamira Joʻraboyeva “Turkiy tillarda interferensiya masalalari”, doktorant Hulkar Sulaymonova “Xorazm sivilizatsiyasi kontekstida Abu Bakr Xorazmiy merosi”, dotsent Toʻlqin Togʻayev “Boku Turkologiya qurultoyida Oʻzbekiston namoyandalarining ishtiroki” mavzularida maʼruza qildilar. Adabiyot va umumiy madaniy meros yoʻnalishida ham oʻzbekistonlik tadqiqotchilar faol qatnashdi. Dotsent Hulkar Turdiyeva “Ozarbayjon-Oʻzbekiston adabiy va madaniy hamkorligi tarixi”, Feruza Mannonova “Sharq mumtoz tasavvufiy sheʼriyatida tabiat falsafasi va ramziy tafakkur evolyutsiyasi” mavzularida maʼruza qildilar. Shuningdek, olimalar Guljahon Jumanazarova, Barno Boltayeva va Gulnora Xolboyevaning tilshunoslik hamda taʼlim masalalariga oid chiqishlari konferensiya dasturidan oʻrin oldi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, bolalar shoirasi Kavsar Turdiyevaning tibbiyot va adabiyotning integratsiyasiga bagʻishlangan maʼruzasi va oʻzbek tilida oʻqigan sheʼrlari ishtirokchilarda alohida taassurot qoldirdi.

Konferensiya davomida oʻzbekistonlik olimlarning ilmiy chiqishlari katta qiziqish bilan kutib olindi. Ayniqsa, oʻzbek va ozarbayjon tillarining qiyosiy tadqiqi, turkiy xalqlar adabiy aloqalari, Xorazm ilmiy-madaniy muhiti, turkiy tillarning globallashuv sharoitidagi taraqqiyoti, raqamli turkologiya va sunʼiy intellekt davrida turkiy tillarning istiqbollari kabi masalalar atrofida qizgʻin ilmiy muloqotlar boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash joizki, anjuman faqat maʼruzalar taqdimoti bilan cheklanib qolmadi. Ozarbayjon, Turkiya, Tatariston va boshqa mamlakat olimlari bilan tilshunoslik, adabiyotshunoslik, folklorshunoslik, bolalar adabiyoti, tarix, etnografiya hamda taʼlim sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Birgalikda ilmiy-innovatsion loyihalar tayyorlash, qoʻshma tadqiqotlar olib borish, ilmiy nashrlar almashinuvi, professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar uchun akademik almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Birinchi Turkologiya qurultoyining 100-yilligiga bagʻishlangan ushbu xalqaro konferensiya turkiy xalqlar ilmiy tafakkurining tarixiy ildizlari va zamonaviy taraqqiyot yoʻnalishlarini uygʻun holda namoyon etdi. Ayniqsa, Oʻzbekiston olimlarining faol ishtiroki mamlakatimizda turkologiya, oʻzbek tili va adabiyoti, manbashunoslik, adabiy aloqalar, folklor va raqamli tilshunoslik sohalarida olib borilayotgan tadqiqotlarning xalqaro ilmiy maydondagi oʻrnini yana bir bor namoyon etdi.

Boku anjumani turkiy dunyo olimlari oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, umumiy madaniy merosni chuqur oʻrganish va kelajakdagi qoʻshma tadqiqotlar uchun yangi imkoniyatlar ochgani bilan ahamiyatli boʻldi. Bu jihatdan konferensiya Birinchi Turkologiya qurultoyining tarixiy anʼanalarini davom ettirgan holda, turkiy xalqlar ilm-fani, tili va madaniyati yoʻlida yangi ilmiy muloqot maydoniga aylandi.