Joriy yil 30-maydan boshlab Surxondaryo aholisi uchun yana bir qulay aviaqatnov yoʻlga qoʻyiladi. “FLY KHIVA” aviakompaniyasi tomonidan Termiz — Istanbul yoʻnalishida toʻgʻridan toʻgʻri aviareyslar tashkil etiladi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Endilikda viloyat aholisi Turkiyaning yirik shahriga ortiqcha ovoragarchiliksiz, zamonaviy va qulay havo kemalari orqali safar qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Qatnovlar haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
Maʼlum qilinishicha, samolyot Termiz xalqaro aeroportidan ertalab soat 07:55 da parvoz qilib, yoʻlovchilarni tushlikka qadar Istanbulga yetkazadi. Qaytish reyslari ham aholiga qulay tarzda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bir kunda manzilga qaytish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur yangi aviayoʻnalish nafaqat aholiga qoʻshimcha qulaylik yaratadi, balki turizm, tadbirkorlik va xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.