Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olishga oid qonun koʻrib chiqildi

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish choralarini kuchaytirishga, shuningdek baʼzi jinoyatlar tergovining sifatini oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalarni jinsiy zoʻravonlikdan va axloqqa zid tajovuzlardan asrashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda

Shu bilan birga, xotin-qizlarga va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etiladigan jinsiy erkinlikka hamda axloqqa qarshi jinoyatlar bilan bogʻliq ishlarni sudga qadar yuritish hamda bu jinoyatlarda aybdor deb topilgan mahkumlarning jazoni oʻtashi bilan bogʻliq ayrim muammolar mavjud.

Mazkur Qonun yuqoridagi kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslariga, “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksida jinsiy erkinlik va axloqqa qarshi ayrim jinoyatlar, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar hamda odam oʻlimiga sabab boʻlgan mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergov ishlarini ichki ishlar organlaridan prokuratura organlariga oʻtkazish nazarda tutilmoqda.

Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishlarga koʻra jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan ayrim shaxslarni manzil-koloniyalarga oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda prokuratura organlari bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etilganligi faktlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tekshirishi, ular yuzasidan dastlabki tergovni olib borishi hamda ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning jazoni ijro etishi ustidan nazoratni amalga oshirishi, ichki ishlar organlari esa bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan tayinlangan jazoning ijro etilishini amalga oshirishi belgilanmoqda.

Senatorlar ushbu Qonun xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni kuchaytirishga, ularga nisbatan sodir etiladigan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish samaradorligini oshirishga hamda bu boradagi ogʻir jinoyatlar boʻyicha tergov sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.