BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish oyligi doirasida “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning roli: yangi vazifalar va imkoniyatlar” mavzusida BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbirda senatorlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, diplomatlar, xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2026-yil 24-iyul kuni qabul qilingan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyaning mazmun-mohiyati muhokama qilindi.

Rezolyutsiya ijtimoiy adolatni taʼminlash, ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirish va 2030-yilgacha boʻlgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning qonun ijodkorligi va nazorat vakolatlarini kuchaytirishga qaratilgan.

Muhokama davomida rezolyutsiya maqsadlari Oʻzbekistonda inson qadrini yuksaltirish, kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ijtimoiy himoya, taʼlim va tibbiyotni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar bilan uygʻunligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston parlamentining BRMni milliy qonunchilik va davlat dasturlariga integratsiya qilish, ular ijrosini parlament nazoratiga olish hamda aholi muammolarini parlament mexanizmlari orqali hal etishdagi roli qayd etildi. Mahalliy Kengashlarning BRMni hududlarda amalga oshirishdagi ishtiroki, xotin-qizlar va yoshlarning parlament faoliyatidagi roli ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, 61 ta davlat hammuallifligida qabul qilingan mazkur rezolyutsiya xalqaro hamjamiyatning keng qoʻllab-quvvatloviga ega. Oʻzbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan hujjat parlamentlarni ijtimoiy rivojlanish va BRMga erishish jarayonlarida faol ishtirok etishga yoʻnaltiruvchi muhim xalqaro asosdir.