Senat Raisining birinchi oʻrinbosari Ozarbayjon elchisi bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Ozarbayjon Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Guseyn Guliyev bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining oʻzaro ishonchi va faol siyosiy muloqoti natijasida Oʻzbekiston–Ozarbayjon hamkorligi barcha yoʻnalishlarda izchil rivojlanayotgani alohida taʼkidlandi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, hududlararo hamda parlamentlararo aloqalarning kengayib borayotgani qayd etildi.

Oʻz navbatida, elchi Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganini oʻzi uchun sharaf ekanini taʼkidladi. Ushbu yuksak davlat mukofoti Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik va strategik ishonch munosabatlarining eʼtirofi ramzi ekanini qayd etdi. Shuningdek, Prezident rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga yuksak baho berdi.

Uchrashuv davomida tegishli parlament qoʻmitalari va parlamentlararo hamkorlik guruhlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish, qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati boʻyicha tajriba almashish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasidagi hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.