Fargʻonada Saudiya Arabistoni investitsiyasi ishtirokida Markaziy Osiyoda eng yirik shifoxonada bunyod etiladi

Fargʻona viloyatiga oʻtgan yili 30 ta davlatdan qariyb 3 mlrd dollar investitsiya kiritildi. Bu yil xorijiy investitsiya salmogʻini 4 mlrd dollardan oshirish hamda 1,4 mingdan koʻproq loyiha doirasida 52 mingta yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratish maqsad qilingan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Oʻtgan yili investitsiya jalb etish borasida Xitoy, Rossiya, Turkiya, Singapur, Tailand singari mamlakatlar salmoqli oʻringa ega boʻlgan boʻlsa, joriy yilda bu kabi ishonchli hamkor davlatlar safini yanada kengaytirish koʻzda tutilmoqda.

Fargʻona shahrida Saudiya Arabistonining “Vision Invest” kompaniyasi tomonidan qurilishi rejalashtirilayotgan zamonaviy tibbiyot maskani ana shunday istiqbolli loyihalar sirasiga kiradi. Kuni kecha Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov yurtimizga tashrif buyurgan ushbu kompaniya vitse-prezidenti Yusuf Al Zuxair bilan uchrashdi.

Yuzma-yuz muloqotda viloyatda davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy koʻp tarmoqli shifoxona bunyod etish loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, mazkur yirik tibbiyot loyihasi boʻyicha amaliy ishlar faol bosqichga oʻtgan. Ayni paytda 800 oʻrinli va 10 qavatdan iborat zamonaviy koʻp tarmoqli shifoxonani xalqaro standartlar asosida loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash hamda uzoq muddatli texnik xizmat koʻrsatishni nazarda tutuvchi davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha muhim kelishuvga erishildi.

— Loyihaning umumiy investitsiya qiymati qariyb 300 million dollarni tashkil etadi, — deydi Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Bobur Primqulov. — Shu tariqa ulkan loyiha Markaziy Osiyoda davlat-xususiy sheriklik tizimi boʻyicha barpo etilayotgan eng yirik sogʻliqni saqlash obyektlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Bu yangi tibbiyot majmuasi nafaqat viloyat, balki Fargʻona vodiysi hamda qoʻshni respublikalar aholisi uchun yuqori malakali tibbiy xizmatlar koʻrsatish imkonini beradi. Fargʻonada tibbiyot turizmini yangi bosqichga olib chiqadi.

Uchrashuvda kompaniya tomonidan loyihani amalga oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan taklif va tashabbuslar taqdimoti ham oʻtkazildi. Shundan soʻng istiqbolli loyihani oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi borasida oʻzaro kelishib olindi.