Pedagoglarga avia va temiryoʻl chiptalari uchun chegirma berish taklif etilmoqda. Bu haqida Taʼlim nazorati Telegram-kanali maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, muhokamalar portaliga “Taʼlim tashkilotlari pedagoglariga Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga chegirma berish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror loyihasi joylashtirilgan.
Mazkur loyihaga koʻra, 2026-2027 oʻquv yilidan boshlab doimiy ravishda respublika reytingida yuqori oʻrinlarni egallagan taʼlim muassasalari pedagoglariga Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga chegirma taqdim etiladi.
Xususan, respublika reytingida TOP-100 talikka kirgan umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti va maktabgacha taʼlim tashkiloti, TOP-20 talikdagi texnikum, TOP-10 talikdagi oliy taʼlim tashkiloti pedagoglari mazkur imtiyozdan foydalanishi mumkin boʻladi.
Mazkur chegirma yiliga bir marotaba Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun qoʻllaniladi. Bunda samolyot va poyezdlarning erkin sotuvda boʻlgan “ekonom klass” va “platskart” yoki “kupe” vagonlari chipta narxlarining tarif qismiga 15 foiz chegirma beriladi.