Bu yil Fargʻonadan qariyb 1800 nafar hamyurtimiz muqaddas Haj ziyoratiga borishi rejalashtirilgan

Kuni kecha “Fargʻona” xalqaro aeroportidan fargʻonalik ilk ziyoratchilar guruhi Haj safariga joʻnab ketdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Taʼkidlash joizki, “Haj–2026” mavsumi doirasida joriy yilda Fargʻona viloyatidan qariyb 1800 nafar hamyurtimiz muqaddas Haj ziyoratiga borishi rejalashtirilgan.

Shu tariqa xalqaro aeroportdan ziyoratchilarning ilk guruhi – 360 nafar fargʻonaliklar muqaddas diniy amallarni ado etib kelishi uchun tantanali ravishda kuzatildi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, ziyoratchilarni ushbu muqaddas safar bilan samimiy qutladi. Yuzma-yuz muloqotda keyingi yillarda mamlakatimizda bu boradagi eʼtibor va ragʻbat tufayli hajga boruvchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgani eʼtirof etildi. Bu esa yildan yilga ziyoratchilar soni ortib borishida muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi.

— Bir umr taʼlim sohasida faoliyat olib borib, barkamol avlod orzusi yoʻlida sidqidildan mehnat qildim, — deydi Beshariq tumanida istiqomat qiluvchi Abduqodir Bobojonov. — Oʻz navbatida farzandlarimiz oliy taʼlim muassasalarida oʻqib, bugun turli sohalarda yurt ravnaq-rivoji uchun munosib hissa qoʻshmoqdalar.

Bugun koʻp yillik orzum ijobat boʻlib, qutlugʻ safarga borish nasib etayotganidan behad baxtiyorman. Shunday kunlarga yetkazganiga shukr. Tabarruk joylarda yurtimizdagi tinch va farovon hayot bardavomligi uchun duoda boʻlamiz.