Rossiya Federatsiyasining Kostroma davlat qishloq xoʻjaligi akademiyasida “Yoshlar va fan: qishloq hududlarini rivojlantirish” mavzusidagi 77-Xalqaro talabalar ilmiy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Ushbu nufuzli anjumanda turli universitetlardan 400 nafardan ortiq talabalar ishtirok etdi.
Quvonarlisi, Toshkent davlat agrar universitetida “Ustoz-shogird” tizimining natijasi oʻlaroq, iqtisod fanlari doktori, professor Muhammadali Saidov rahbarligidagi iqtidorli talabalari oʻzlarining dolzarb mavzulardagi ilmiy maʼruzalari bilan muvaffaqiyatli qatnashib, yuqori oʻrinlarni egallashdi.
Jumladan, universitetning 2 nafar talabasi — Dilmurod Hasanov, Diyorbek Esonboyev oʻz yoʻnalishlari boʻyicha eng yaxshi ilmiy ish muallifi, deb topilib 1-oʻrin va I darajali diplom bilan taqdirlandi. Rano Joldasova, Sevinch Rizamatova, Shahzoda Kamilova va Kirmizi Ayapbergenova esa faol ishtiroki va yuqori ilmiy saviyadagi maʼruzalari uchun mukofotlandi.
Mazkur xalqaro konferensiya qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, agrobiznes, texnologik jarayonlarni mexanizatsiyalash va iqtisodiy samaradorlik kabi keng koʻlamli sohalarni qamrab oldi. Konferensiya yakunida eng yaxshi deb topilgan ilmiy ishlar “Fan va texnologiyalar rivojlanishining dolzarb masalalari” nomli elektron toʻplamda nashr etiladi.