Bugungi kunda hayotimizning har bir jabhasiga axborotlashgan jamiyat elementlari va raqamli texnologiyalar shiddat bilan kirib kelmoqda. Ayniqsa, yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini aniqlash, tizimli oʻrganish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda qogʻozbozlikdan voz kechilib, aniq va maqsadli zamonaviy elektron tizimlariga oʻtishni davrning oʻzi taqozo qilmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Zomin tuman hokimligida boʻlib oʻtgan amaliy seminarda Zomin, Zarbdor va Yangiobod tumanlaridan soha mutaxassislari qatnashib, “Yoshlar yagona elektron platformasi”ning qulayliklari, undan foydalanish tartibi va tizim orqali yoshlar murojaatlarini tezkor hal etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
— Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu yangi platforma yoshlar bilan ishlashda bizga goʻyo “koʻzgu” vazifasini oʻtaydi. Endilikda har bir yigit yoki qizimizning masalasi, ularga koʻrsatilayotgan yordamlar va imkoniyatlar yagona tizimda aniq koʻrinib turadi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Zomin tumani boʻlimi boshligʻi Bekzod Shukurov. — Bu esa oʻz navbatida ochiqlikni taʼminlash barobarida, har bir murojaat ortida turgan inson taqdiriga befarqlikni yoʻqotadi. Shuningdek, mahalla yettiligidan tortib tuman va viloyat mutasaddilarigacha boʻlgan barcha boʻgʻinni yagona tizimga birlashtiradi va ishimiz sifati oshadi.
Seminar yakunida ishtirokchilar platformani yanada takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdilar hamda chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan yoshlarning muammolarini masofadan turib aniqlash va ularga manzilli yordam koʻrsatish boʻyicha kelishib oldilar.