Germaniya delegatsiyasi bilan taʼlim sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi

Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda Germaniya Federativ Respublikasi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi parlament davlat kotibi Yoxann Zaatxoff boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Mazkur muloqot Germaniya delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida, jumladan Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan Osiyo taraqqiyot bankining 59-yillik yigʻilishi arafasida tashkil etildi . Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim, fan va ayniqsa kasbiy taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Vazir taʼlim jarayonlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, amaliy koʻnikmalarga asoslangan oʻqitish tizimini joriy etish va “taʼlim–fan–ishlab chiqarish” integratsiyasini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi. Uchrashuvda kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish masalalari alohida oʻrin egalladi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 598 ta texnikum faoliyat yuritib, qariyb 487 ming nafar yoshlar 300 dan ortiq yoʻnalishlar boʻyicha tahsil olmoqda . Germaniya mazkur sohada Oʻzbekistonning muhim strategik hamkorlaridan biri sifatida eʼtirof etildi.

Xususan, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda KfW taraqqiyot banki ishtirokida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, KfW banki koʻmagida kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ushbu tashabbus doirasida taʼlim infratuzilmasi modernizatsiya qilinib, zamonaviy oʻquv-ishlab chiqarish bazalari yaratilmoqda. Tomonlar Germaniyaning dual taʼlim tizimi tajribasini Oʻzbekistonda joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, “Ausbildung” modeli elementlarini tatbiq etish orqali taʼlim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi hamkorlik mustahkamlanayotganini qayd etdilar.

Uchrashuv natijasida qoʻshma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, akademik mobillikni oshirish, kadrlar tayyorlash boʻyicha qoʻshma markazlar tashkil etish, Germaniya kompaniyalarini taʼlim jarayoniga keng jalb qilish kabi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, xalqaro mehnat bozoriga mos raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, jumladan Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun kadrlar tayyorlashda taʼlim standartlarini uygʻunlashtirish va til tayyorgarligini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv konstruktiv ruhda oʻtib, Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida taʼlim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishda ikki tomon uchun manfaatli ekanligi taʼkidlandi.