Dam olish kunlari uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi

“Oʻzgidromet” 24-26-aprel, dam olish kunlari kuzatiladigan ob-havo maʼlumotlarini eʼlon qildi.

Unga koʻra, ushbu kunlarda respublika hududi boʻyicha asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Bugun, 24-aprel kuni havo harorati 24-27 daraja atrofida, respublika janubida va choʻl hududlarida 29-32 darajagacha boʻladi.

Shanba kuni kunduzi havo 28-31 darajagacha, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 32-35 darajagacha isiydi. Yakshanba kuni koʻpchilik viloyatlar boʻyicha havo harorati ushbu darajalar atrofida boʻladi. Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida kunduzgi harorat 20-23 darajagacha, Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa 25-28 darajagacha pasayadi.

25-aprel, shanba kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi shimolida va Fargʻona vodiysida baʼzi joylarda, shuningdek, 26-aprel-yakshanba kuni Toshkent viloyatida ayrim joylarda bir oz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

24-25-aprel kunlari shimolda va choʻl hududlarda, 26-aprelda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.