Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti akademik litseyida profilaktik tadbir oʻtkazildi

17-aprel kuni Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti akademik litseyida yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik, xususan tan jarohati yetkazish va bezorilik, giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalar noqonuniy muomalasi, shuningdek, ekstremistik gʻoyalar taʼsiriga tushib qolish holatlarining oldini olishga bagʻishlangan profilaktik tadbir tashkil etildi.

Tadbir Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura tinglovchilari — podpolkovnik F. Ahmedov va podpolkovnik A. Rahmatillayevlar ishtirokida oʻtkazildi. Unda pedagoglar, oʻquvchilar hamda magistratura tinglovchilari qatnashib, yoshlar orasida uchrayotgan huquqbuzarliklarning sabablari, ularning oqibatlari va oldini olish mexanizmlari yuzasidan atroflicha maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda yoshlar mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlib, ularning bilimli, maʼnaviy yetuk va huquqiy ongli boʻlib voyaga yetishi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Shu nuqtayi nazardan, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olishda taʼlim va tarbiya hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Mutaxassislar tomonidan keltirilgan tahlillarga koʻra, ayrim huquqbuzarliklar, jumladan bezorilik, tan jarohati yetkazish va giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlar koʻpincha yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etmaslik, huquqiy bilimning yetarli emasligi hamda notoʻgʻri ijtimoiy muhit taʼsiri natijasida yuzaga kelmoqda.

Tadbir davomida yoshlar oʻrtasida sodir etilayotgan jinoyatlar statistikasi ham tahlil qilinib, bu borada profilaktik ishlarni kuchaytirish, taʼlim muassasalari, ota-onalar va tegishli tashkilotlar hamkorligini yanada mustahkamlash zarurligi alohida qayd etildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan javobgarlik choralari, xususan tan jarohati yetkazish va bezorilik bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun belgilangan jazolar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida yoshlarni sogʻlom turmush tarziga yoʻnaltirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, zararli odatlar va turli buzgʻunchi gʻoyalardan himoya qilish boʻyicha tizimli ishlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Mazkur profilaktik tadbir yoshlar orasida huquqiy madaniyatni oshirish, ularni turli xavf-xatar va zararli taʼsirlardan himoya qilish hamda sogʻlom va ongli jamiyatni shakllantirishga xizmat qiladi.