Oʻzbek shifokorlari tomonidan noyob va oʻta murakkab operatsiya amalga oshirilib, ogʻir ahvoldagi 5 yoshli bolaning hayoti saqlab qolindi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bir yil muqaddam tasodifan kaustik soda ishqorini ichib qoʻygan 4 yoshli bola qiziloʻngachning chandiqli torayishi tufayli vaqt oʻtib umuman ovqatlana olmay qolgan.
Shundan soʻng u Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Dastlab uning oshqozoniga maxsus naycha oʻrnatilib, muammo vaqtinchalik bartaraf etilgan. Keyingi bosqichda unda murakkab operatsiya oʻtkazilishi zarurligi bolaning yaqinlariga tushuntirilgan. Ammo chet el klinikasida oʻtkazilgan amaliyotdan soʻng holat yanada jiddiylashib, bolakay yana Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga keltirilgan.
Aniqlanishicha, xorijda operatsiya vaqtida bolakayda qiziloʻngach oshqozonning oʻzidan yasalib, yaʼni oshqozon yuqoriga koʻtarilib, qiziloʻngach qoldigʻiga ulab qoʻyilgan. Oqibatda ushbu “yangi” transplantant yurakka bosim oʻtkazib, uni siqib qoʻygan.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Habibulla Oqilov boshchiligidagi mutaxassislar tomonidan oʻtkazilgan operatsiya qariyb 5 soat davom etgan. Oʻzbekistonda ilk bor bajarilgan ushbu oʻta murakkab amaliyotda oshqozon qayta joylashtirilib, yoʻgʻon ichakdan yangi qiziloʻngach shakllantirilgan.
“Hozir bolaning ahvoli yaxshi. Shu kunlarda oilasi bagʻriga qaytadi”, deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.