Poytaxtda 2,5 mlrd soʻmlik sifatsiz dori vositalari fosh qilindi

Toshkent shahrida sifati kafolatlanmagan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Olmazor tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda shubha ostiga olingan fuqaro A.Yu.ning yuk tashuvchi avtotransport vositasi koʻzdan kechirilgan. Tekshiruv davomida avtotransport vositasi yukxonasidagi yem mahsulotlari ostiga yashirilgan sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan va davlat reyestrida qayd etilmagan 156 turdagi 2,5 mlrd soʻmlik dori vositalari borligi fosh qilingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.