Toshkentda 6 milliard soʻmdan ortiq kriptovalyuta bilan noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirgan yigit qoʻlga olindi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 6 milliard soʻmdan ortiq miqdorda kriptovalyuta bilan noqonuniy operatsiyalarni amalga oshirgan fuqaro qoʻlga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mutaxassislar Sirdaryo viloyatida tugʻilgan 21 yoshli yigitning telefonini tekshirishganda, uning yirik hajmdagi kripto-aktivlar bilan bogʻliq operatsiyalar bilan shugʻullangani aniqlandi. U P2P operatsiyalari orqali noqonuniy ravishda tranzaksiyalarni amalga oshirgan va 556 100 USDT dan ortiq (6,7 milliard soʻmdan ziyod) daromad koʻrgan.

Ushbu shaxs noqonuniy faoliyatini Bitget ilovasi orqali amalga oshirgani maʼlum boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (Kripto-aktivlar aylanishi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi qoʻlga olingan, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.