Buxoro shahridagi “Otbozor” mahallasida joylashgan 24-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti binosining qiyofasi tamoman oʻzgardi. Shu bilan birga undagi oʻrinlar soni 30 taga koʻpaydi. Bu bogʻcha binosining mukammal taʼmirdan chiqarilgani bilan bogʻliq. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Oʻtgan asrning 70-yillarida qurilgan bino tashqi taʼsirlar oqibatida eskirgan, zamon talabiga javob bermay qolgandi. Tashkilot jamoasi hamda mahalla aholisini oʻylantirib kelayotgan masalaga “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali yechim topildi. Maktabgacha taʼlim maskani 1,5 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga taʼmirlanib, kapital rekonstruksiya qilindi. Natijada soʻlim goʻshada joylashgan bu maskanda “bogʻcha opa”larning oʻz vazifalariga sidqidildan yondashib ishlashlari, bolajonlarning miriqib dam olishlari, maʼlum bir koʻnikmalarga ega boʻlishlari uchun shart-sharoitlar yaxshilandi. Bundan tabiiyki, yon-atrofda yashovchi ota-onalar ham xursand.
Eʼtiborlisi, viloyatda, jumladan Buxoro shahrida ertamiz egalari sanalgan jajji oʻgʻil-qizlarning zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya olishlari borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu saʼy-harakatlar natijasida qadimiy shaharda yashovchi salkam 22 ming nafar 3–7 yoshli bolajonlarning barchasi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olindi.