Jizzaxda aholi murojaatlari bilan ishlashning yangicha tizimi yaratiladi

Mamlakatimizda aholi bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, fuqarolar murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish, muammolarni manzilli hamda tizimli hal etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyati, Jizzax shahri va tumanlar hokimliklari, boshqarma va tashkilotlar hamda muassasalar, ularning quyi boʻgʻindagi boʻlimlarida 2026-yilning 13-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xalq murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga koʻtarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish”ga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida mutasaddi va masʼul idoralar, hokimliklarga mahalla va ovullar, qishloqlarga chuqurroq kirib borish va insonlar dardini tinglash boʻyicha bergan bir qator topshiriqlarining ijrosi hafta davomida oʻrganildi.

Oʻrganish yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushayotgan murojaatlar, aholi eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan omillarni bartaraf etish va ijobiy hal etish choralarini koʻrishga qaratilgan oʻquv-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.

Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev, Jizzax viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Zafar Azimov kun tartibidagi mavzu boʻyicha soʻzga chiqdilar.

Videoselektor tarzida oʻtgan seminarda Xalq qabulxonalari bosh mutaxassislari, viloyat va tumanlar tashkilotlari masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

Seminarda taʼkidlandiki, Jizzaxda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi butunlay yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Viloyatda qoʻllanilayotgan murojaatlarni ijobiy hal qilish yutuqlari boshqa viloyatlarga ham joriy qilinadi, sohada raqamlashtirish va sunʼiy intellekt imkoniyatlari qoʻllaniladi. Har bir murojaat — faqat rasmiy hujjat emas, balki davlat va fuqaro oʻrtasidagi samarali muloqotning bir qismi sifatida koʻrib chiqiladi.

— Fuqarolarning murojaatlari va ulardagi koʻtarilgan masalalar, bugungi respublika ishchi guruhi oʻrganishi natijalari va mazkur oʻquv-amaliy seminar aholi dardini tinglash, muammolarni oʻz vaqtida va sifatli hal etishga qaratilgan, — deydi Jizzax viloyati hokimligi murojaatlar boʻlimi boshligʻi Farxod Abdulhakimov. — Shu bilan birga, viloyatni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirib murojaatlarni kamaytirish, tizimli yondashuv orqali kelgusidagi ustuvor vazifalar ham belgilab olindi.

Jizzaxda joriy etilayotgan yangi tizim, fuqarolarning huquqiy manfaatlarini taʼminlash va davlat xizmatlarini samarali tashkil etishga qaratilgan. Bu kabi amaliy yondashuvlar fuqarolar bilan muloqotni yangi bosqichga olib chiqib, ularning ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.